Logo

Islomobodda O'zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyati namoyish etildi

Noyabr 21, 2025. 10:47 • 3 daq

84
Islomobodda O'zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyati namoyish etildi

ISLOMOBOD, 21-noyabr. /"Dunyo" AA/. Islomobodda bo'lib o'tgan an'anaviy "Lok Mela – 2025" xalqaro madaniyat va turizm festivalida O'zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyati namoyish etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur festival Pokistonda milliy merosni asrash, hunarmandchilikni rivojlantirish, xalq amaliy san'ati va turizmni keng targ'ib qilishga qaratilgan eng nufuzli tadbirlar biri hisoblanadi. Tadbir har yili millionlab mahalliy va xorijiy mehmonlarni, san'at arboblarini, hunarmandlarni va turizm sanoati vakillarini bir maydonga birlashtiradi.

Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan festival maydonida O'zbekiston pavilyoni tashkil etildi. Yurtimiz pavilyoni nafaqat boy ekspozitsiyasi, balki zamonaviy texnika yechimlar qo'llangani va yuqori sifatli ko'rgazma infratuzilmasi bilan ajralib turdi. Xususan, O'zbekiston uchun ajratilgan maydonda LED-ekran, professional audioqurilmalar va vizual namoyish uskunalari o'rnatildi.

O'n kun davom etgan xalqaro madaniy anjumanda yirik ekran orqali yurtimizning sayyohlik salohiyati, jumladan, ziyorat, gastronomik, ta'lim, tibbiy, qishki, ekstremal, tibbiy turizm imkoniyatlari, madaniy va tarixiy meros obyektlari, o'zbek xalqining milliy an'analari, amaliy san'at namunalari va Yangi O'zbekistonning bugungi taraqqiyotiga bag'ishlangan videoroliklar namoyish etildi.

Festivalning ochilish marosimida Pokiston milliy meros va madaniyat vaziri Avrangzeb Xan Xichi ishtirok etdi. Vazir ochilish marosimidagi nutqida shu yil may oyida O'zbekistonga amalga oshirgan tashrifini alohida yodga oldi:

"O'zbekistonga qilgan safarim mamlakatning boy tarixiy, madaniy merosi va o'zbek xalqining mehmondo'stligi bilan yaqindan tanishish imkoniyati berdi. O'zbekiston diyori qadimdan nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida balki jahon tarixida muhim o'rin egallagan, madaniy sivilizatsiyaga katta hissa qo'shgan. Bir so'z bilan aytganda, men O'zbekistondan juda katta taassurotlar bilan qaytdim", – dedi u.

 Pokiston madaniyat vaziri O'zbekiston pavilyoniga tashrif buyurdi va festivaldagi ishtirok uchun minnatdorlik bildirdi.

Festivalda Islomobod shahri aholisi va mehmonlari O'zbekistonning boy madaniy merosi, milliy liboslari, raqs va musiqa san'ati hamda amaliy san'atining ko'p asrlik an'analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Ularga Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Qo'qon va boshqa shaharlarimizdagi qadimiy obidalar, Ipak yo'li merosi, o'ziga xos me'morchilik an'analari hamda muqaddas qadamjolar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Xalqaro madaniy anjuman kunlari Pokistonning yirik turoperatorlari va turizm agentliklari vakillari bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va o'zaro sayyohlar almashinuvini yo'lga qo'yish yuzasidan samarali muzokaralar o'tkazildi.  

Turizm sohasi vakillari O'zbekiston pokistonlik sayyohlar uchun eng talabgor yo'nalishlardan biriga aylanib borayotganini va yurtimiz ziyorat turizmiga qiziqish yildan-yilga oshayotganini bildirishdi. O'zbekistonga turistik viza rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilgani, Toshkentdan Islomobod va Lahor shaharlariga to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarning yo'lga qo'yilgani ikki mamlakat o'rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da faollashtirish barobarida, O'zbekiston yo'nalishida sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilayotgani ta'kidlandi.

Tashkilotchilar ma'lumotiga ko'ra, 10 kun davom etgan festivalga jami 1,2 million kishi tashrif buyurdi. 

O'zbekistonning "Lok Mela – 2025" xalqaro madaniyat va turizm festivalidagi ishtiroki nafaqat yurtimizning Pokiston hamjamiyatida o'rtasida ijobiy imijini shakllantirish va madaniy-tarixiy merosimizga qiziqishni oshirishga, balki O'zbekistonning xorijiy sayyohlar uchun ochiq, xavfsiz va zamonaviy yo'nalish sifatidagi o'rnini yana-da mustahkamlashga xizmat qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish